Finlyandiya NATOga a’zo bo‘lishga qaror qildi

Finlyandiya hukumati Shimoliy Atlantika alyansi (NATO)ga a’zo bo‘lishga rasman qaror qildi. Bu haqda prezident Sauli Niinistyo va Bosh vazir Sanna Marin qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Finlyandiya parlament bilan maslahatlashuvlardan so‘ng Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkilotiga (NATO) a’zo bo‘lish uchun ariza beradi”, dedi Niinistyo.
Avvalroq Finlyandiya tashqi ishlar vaziri Pekka Haavisto mamlakatning Bryusselda NATOdagi doimiy vakili 18-may, chorshanba kuni alyansga qo‘shilish uchun ariza berishi mumkinligini ma’lum qilgandi. Shundan so'ng, NATO bilan muzokaralar boshlangan taqdirda, ularni Haavistoning o'zi va Finlyandiya mudofaa vaziri boshqaradi.






