Finlyandiya prezidenti mamlakatning NATOga a’zoligi to‘g‘risidagi qonunlarni imzoladi

Finlyandiya prezidenti Sauli Niinistyo 23-mart kuni mamlakatning NATOga kirishi haqidagi qonunni imzoladi. Davlat rahbari imzo qo‘yish aktini “Mana, ular” degan ibora bilan qisqacha izohladi va shundan so‘ng jurnalistlar yig‘ilgan prezident saroyi zalini tark etdi, deb xabar bermoqda Finlyandiyaning Yle media kompaniyasi.

Qayd etilishicha, mamlakatning alyansga qo‘shilishi uchun zarur bo‘lgan ichki qonunchilik jarayonlari yakunlandi.

Ma’lumot uchun: 1-mart kuni Finlyandiya parlamenti ko‘p ovoz bilan hukumatning respublikaning Shimoliy Atlantika alyansiga kirishi haqidagi taklifini qo‘llab-quvvatladi.

Shvetsiya va Finlyandiya 2022 yil may oyida Rossiyaning Ukrainaga harbiy bostirib kirishi munosabati bilan anʼanaviy betaraflikdan voz kechdi va NATOga aʼzo boʻlish uchun ariza berdi. Hozirda ikkala ariza ham Turkiya va Vengriyadan tashqari blokdagi 30 davlatdan 28 tasi tomonidan ma’qullangan.