Firibgarlik yoki oʼgʼrilik uchun ozodlikdan mahrum qilish 5 yildan 8 yilgacha etib qatʼiy belgilanmoqda

Senatning oʼttiz ikkinchi yalpi majlisida “Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish haqida”gi Qonun koʼrib chiqildi.

Qonun bilan Jinoyat kodeksi, Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeks hamda “Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʼurta qilish toʼgʼrisida”gi Qonunga tegishli oʼzgartishlar kiritilmoqda.

So’nggi vaqtlarda elektron toʼlov vositalari yoki masofaviy xizmat koʼrsatish tizimlaridan foydalanib, oʼzgalar mulkini talon-toroj qilish, firibgarlik, oʼgʼrilik jinoyatlari koʼp sodir etilmoqda. Bugungi kunda ushbu huquqbuzarlik Jinoyat kodeksining firibgarlik, oʼgʼrilik deb nomalangan 168, 169-moddalari bilan tasniflanmoqda. Biroq ayni paytda ushbu moddalarda belgilangan jazo yengillik qilayotgani maʼlum boʼlmoqda.

Shu boisdan ushbu Qonun bilan bunday turdagi jinoyatlar uchun jazo ogʼirlashtirilmoqda. Yaʼni endilikda axborot tizimlariga noqonuniy kirib va ulardan foydalanib sodir etilgan firibgarlik jinoyati uchun bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 400 baravarigacha jarima toʼlanadi. Hozir bu miqdor 100 dan 300 gacha.

Yoki amaldagi normaga koʼra ushbu jinoyat uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilangan boʼlsa, endilikda bu muddat 5 yildan 8 yilgacha etib qatʼiy belgilanmoqda.