Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Kiyevda Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi

Ikki mamlakat prezidentlari Ukraina sharqidagi vaziyatni muhokama etidilar va bir qancha sohalar boʼyicha, shu jumladan Ukrainaga moliyaviy yordam koʼrsatish borasida kelishib oldilar. Makron Kiyevga tashrifidan avval Moskvada Putin bilan besh soatdan ortiqroq vaqt davomida muzokara oʼtkazgan edi.

Uchrashuvni ochib bergan Zelenskiy bu Fransiya prezidentining soʼnggi 24 yillikdagi ilk tashrifi boʼlganini qayd etib, muzokaralar markzaida Ukraina sharqida tinchlik oʼrnatish masalasi turganini ta’kidladi.

Shuningdek, Ukraina prezidenti Makron bilan hamkorlik boʼyicha bir qancha kelishuvlarga erishilganini eʼlon qildi. Moliyaviy yordam koʼrsatishdan tashqari, fransuz kompaniyalari Ukrainaga mudofaa sektorini isloh qilishda koʼmaklashadi, Ukraina temir yoʼllari Fransiyadan yangi lokomotivlar sotib oladi.

Makron tomonlarni soʼzda ham, amalda ham xotirjam boʼlishga chaqirgan. U Putin va Zelenskiy bilan uchrashuvlaridan soʼng Ukrainadagi vaziyat boʼyicha muzokaralar oldinga siljishi mumkinligi, Rossiya va Gʼarb oʼrtasidagi keskinlikni pasaytirish uchun muayyan, amaliy yechimlar mavjudligini qayd etgan.