Fransiyaning Alstom kompaniyasi Toshkentda tramvay yo‘llari quradi

Prezidentimizning Fransiyaga tashrifi doirasida O‘zbekiston Transport vazirligi hamda Fransiya Tashqi savdo, iqtisodiy jozibadorlik va xorijdagi fuqarolar bo‘yicha vazirlik o‘rtasida Toshkent tramvay tizimi loyihasi bo‘yicha kelishuv imzolandi. Loyiha qiymati 167,4 mln yevroga baholanmoqda.
Kelishuvga ko‘ra, Fransiyaning Alstom kompaniyasi Toshkentda tramvay yo‘llarini quradi. Liniyalardan biri “Do‘stlik” metro stansiyasidan boshlanib, Yangi O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab o‘tishi mumkin.
Investitsiyaviy kelishuvga muvofiq, kompaniya 9,1 kilometrlik tramvay liniyalarini quradi. Kunlik yo‘lovchi tashish hajmi 78 ming kishini tashkil etishi kutilmoqda. Shuningdek, qurilish ishlari 2024-yilning birinchi choragida boshlanishi rejalashtirilgan.






