Fruit Logistica 2022 xalqaro ko‘rgazmasi o’z faoliyatini boshladi

Joriy yilning 5-aprel kuni Berlindagi Messe Berlin Exhibition Grounds ko‘rgazma markazida “Fruit Logistica 2022” xalqaro ko‘rgazmasi start oldi. Unda O‘zbekistonning eksport qiluvchi kompaniyalari “MADE IN UZBEKISTAN” milliy stendi bilan ishtirok etmoqdalar.
Ma’lumki, “Fruit Logistica” meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar, ulgurji va chakana savdo, import va eksport hamda qadoqlash va transport kompaniyalariga yo‘naltirilgan.
Milliy ekspozitsiya Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni qo‘llab-quvvatlash agentligi tomonidan tashkil etilgan bo’lib, O‘zbekistondan 10 ta kompaniya Fruit Logistica ko‘rgazmasida MADE IN UZBEKISTAN milliy stendi bilan faol ishtirok etmoqda.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksport hajmining oshishiga mamlakatimiz tomonidan qo‘lga kiritilgan GSP+ imtiyozli dasturining benefitsiar maqomi yordam bermoqda, buning natijasida O‘zbekiston Yevropa Ittifoqiga tovarlarni qo‘shimcha bojxona to‘lovlari, aksizlar va to‘lovlarsiz eksport qilish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Ta’kidlash joizki, mazkur xalqaro ko’rgazmada “Top Business” jurnalining maxsus soni tadbir ishtirokchilariga taqdim etildi.
P.S. Ko'rgazma joriy yilning 7-aprelga qadar davom etadi.






