Futbol boʻyicha U-20 Jahon chempionati qayerda oʻtkazilishi maʼlum boʻldi

Indoneziya aholisining Isroil terma jamoasini U-20 Jahon chempionatida ishtirok etishiga ruxsat bermaslik talabi va qur’a tashlash marosimi ortga surilgani bois chempionat mezbonligi Argentinaga beriladigan bo’ldi. Bu haqda FIFAning rasmiy saytida e’lon qilindi.

Qaror Argentina futbol assotsiatsiyasining taklifi va FIFA vakillarining o‘tgan hafta mamlakatga tekshiruv tashrifi ortidan qabul qilindi.

“Turnirda to‘rtta jamoadan iborat oltita guruh qatnashadi. Mezbonlik huquqini qo‘lga kiritgan Argentina Indoneziyaning o‘rniga musobaqada ishtirok etadi. Argentina FIFA U-20 jahon chempionati tarixidagi eng muvaffaqiyatli davlat bo‘lib, olti marta turnirda g‘alaba qozongan, oxirgi marta 2007-yilda. Mamlakat 2001-yilda ham musobaqaga mezbonlik qilgan”, deyiladi xabarda.

FIFA prezidenti Janni Infantino ham instagram sahifasida bu haqda post qoldirdi.

“1977 yildan beri ushbu turnirda so'nggi o'n yilliklarning eng zo'r futbolchilari, jumladan Diego Armando Maradona, Lionel Messi, Pol Pogba, Erling Xoland va boshqa ko'plab futbolchilar ishtirok etishdi. Bu yil turnirning futbol bilan yashaydigan va nafas oladigan mamlakatda bo'lib o'tishi ertangi kun yulduzlari uchun ajoyib ilhom manbai bo'ladi”, deydi u.

Turnir 20-may — 11-iyun kunlari boʻlib oʻtadi. Mundialga qurʼa tashlash marosimi 21-aprel kuni Syurixda oʻtkaziladi. Mazkur Jahon chempionatida Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi ham ishtirok etadi.