O‘zbekiston futbolini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tuziladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev kecha yoshlar siyosati va sportni rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Unda FIFAning maxsus dasturi asosida bog‘cha hamda mahallalarda “Ommaviy futbol”, o‘rta ta’limda “Maktablarda futbol” va oliy o‘quv yurtlarida “Talabalar ligasi” dasturlarini joriy qilish taklifi bildirildi.

Prezident matbuot xizmati xabariga koʻra, endi iqtidorli futbolchilarni tanlash va tayyorlashning uzviyligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida 14 ta futbol maktabi, “Do‘stlik” stadioni negizida barcha yosh toifalari uchun Terma jamoalar markazi tashkil etiladi. Futbol bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash markazi faoliyati takomillashtirilib, Xorvatiya, Yaponiya va boshqa davlatlardan mutaxassislar jalb qilinadi.

Soha infratuzilmasini rivojlantirish uchun O‘zbekiston futbolini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tuziladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari hududiy futbol assotsiatsiyalarining rahbarlari etib belgilanadi.

Davlat rahbari bu takliflarni qo‘llab-quvvatlab, ularni samarali amalga oshirish yuzasidan ko‘rsatmalar bergan.