BMB Trade group O‘zbekiston Professional futbol ligasi rasmiy homiysiga aylandi

O‘zbekiston Professional futbol ligasi BMB Trade group investitsion-konsalting kompaniyasi bilan kelishuvga erishdi. Kelishuv asosida BMB Trade group 2023-yilgi mavsum davomida Superliganing rasmiy homiysiga aylandi.

BMB Trade group xizmatidan bugunga kelib 720 dan ziyod xorijiy kompaniyalar foydalanib keladi. Umumiy qiymati 1,5 milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirib kelayotgan kompaniya O‘zbekiston futboli va mamlakat futzalini qo‘llab-quvvatlash yo‘lida so‘nggi uch yilda katta qadamlar tashladi. Jumladan:

• 2021-yilda BMB futzal klubiga asos solindi;
• 2021/22-yillarda “So‘g‘diyona” va “Lokomotiv” futbol klubiga homiylik qilindi;
• BMB Trade group, shuningdek, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan faol hamkorlik qilib keladi. 2022-yil aynan BMB Trade group homiyligida Italiya yulduzlaridan tashkil topgan jamoa Toshkentga tashrif buyurib, O‘zbekiston futboli yulduzlariga qarshi maydonga tushgandi. Bu o‘zbek futbolining 110 yillik yubileyi uchun kompaniyaning o‘ziga xos sovg‘asi bo‘ldi, deyish mumkin.

2023-yilga kelib BMB Trade group O‘zbekiston Professional futbol ligasi rasmiy homiysi sifatida mamlakat chempionati rivojiga hissa qo‘shishga qaror qildi. Qayd etish kerak, kompaniya o‘zining xorijiy hamkorlari bilan Italiyaning “Milan” futbol klubi bilan ham yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘ygan.