Fyuchers shartnomalari soliq organlarining elektron axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkaziladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-yanvar kuni paxta yetishtirishni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda sohadagi muammolar muhokama qilinib, zarur choralar belgilandi.

Xususan, paxta maydonlarini nasos bilan sug‘orish uchun ketgan elektr energiyasi xarajatlarining 50 foizi qoplab berilishi qayd etildi.

O‘tgan yili ichki bozorda mineral o‘g‘it narxi o‘rtacha 50 foizga oshib, tanqislik yuzaga kelgan edi. Shu bois mineral o‘g‘itlarga bojxona imtiyozlarini yana 3 yilga uzaytirish taklifi bildirildi.

Mutasaddilarga klaster va fermerlar o‘rtasidagi shartnomalarni tartibga solish hamda hisob-kitoblarni joyiga qo‘yish, paxta va g‘alla yetishtirishni muvofiqlashtirib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Qo‘shilgan qiymat solig‘ini o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun fermer xo‘jaliklariga hisoblangan penyalar, istisno tariqasida, hisobdan chiqarilishi belgilandi.

Fyuchers shartnomalarini soliq organlarining elektron axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Agroplatforma” axborot tizimiga integratsiya qilish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, endi Nyu-York birjasining o‘rtacha oylik fyuchers kotirovkalari tahlili Qishloq xo‘jaligi vazirligi veb-saytida e’lon qilib boriladi.

Paxtachilik yo‘nalishidagi ilmiy institutlarni ishga solib, chet ellarda qo‘llanilayotgan unumdor va kam suv talab qiluvchi navlarni mahalliylashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda, umuman, qishloq xo‘jaligidagi joriy yilgi vazifalarga ham to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, yurtimizda oziq-ovqat sanoatida oliy va o‘rta bo‘g‘in mutaxassislariga ehtiyoj katta. Shuning uchun xorijiy davlatlar tajribasi asosida bu sohada yangi institut tashkil etish taklifi ma’qullandi.