G7dan keyin Yevropa Ittifoqi ham Rossiyadan oltin importini taqiqlashi mumkin

Yevropa Ittifoqi Rossiyadan oltin olib kirishni taqiqlashni muhokama qilishga tayyor. Bu haqda Yevroittifoq prezidenti Sharl Mishel Bavariyaning Elmau qasrida bo‘lib o‘tgan G7 sammiti doirasidagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Biz ko‘rib chiqishga, o‘rganishga tayyormiz. Iqtisodiyotimizga qandaydir zarar yetkazmasdan Rossiya iqtisodini nishonga olish mumkinmi yoki yo‘qligini ko‘ramiz”, — dedi Mishel.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu vazifa Yevropa davlatlari uchun umumiy bo‘lib, u Rossiya hukumati va harbiy operatsiyalarni moliyalashtirishga zarba berishga mo‘ljallangan. Sharl Mishelning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi sanksiyalarni Yevropa va uning hamkorlari iqtisodiga zarar yetkazmasligi uchun “moslashtirish va aniqlashtirish”ga harakat qilmoqda.
Avvalroq, 26-iyun kuni AQSh prezidenti Jo Bayden va Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Rossiya oltinini import qilishni taqiqlashini ma’lum qilgan edi. Britaniya hukumati so‘nggi oylarda ushbu qimmatbaho metalga G‘arb sanksiyalarining moliyaviy oqibatlaridan qochish uchun oltin quymalarini sotib olishga shoshilayotgan rossiyalik “oligarxlar” orasida talab borligini ta’kidladi.
Taqiq yangi metall qazib olish uchun tatbiq etiladi, u ilgari Rossiyadan eksport qilingan oltinga ta’sir qilmaydi. Londonning ishontirishicha, chora-tadbirlar kiritilgunga qadar qonuniy ravishda sotib olingan Rossiya oltiniga nisbatan sanksiyalarni kengaytirish rejalashtirilmagan.






