Gap millionlab insonlarning taqdiri haqida bormoqda

Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston muvaqqat hukumatini xalqaro terrorchi tashkilotlar bilan aloqalarni uzishga chaqirdi.

Toshkent shahrida “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish” mavzusidagi xalqaro konferensiya davom etmoqda. O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Kamilov prezident Shavkat Mirziyoyevning konferensiya ishtirokchilariga murojaatini o‘qib eshittirdi.

Murojaatda qayd etilishicha, "Amudaryoning narigi sohilida tinchlik bo‘lmasa O‘zbekistonda ham, butun Markaziy Osiyo mintaqasida ham xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi".

Davlat rahbari o‘z murojaatida jahon hamjamiyati ushbu mamlakat bilan munosabatlarda avvalgi xatolarni qayta takrorlamaslik zarurligiga e’tibor qaratdi.

"Aminmizki, jahon hamjamiyati bugun 1990-yillardagi xatolarni qayta takrorlamaydi, ularni chetlab o‘ta oladi va shunga erishish lozim. Afg‘onistonning xalqaro maydonda yakkalab qo‘yilishi gumanitar vaziyatning yanada yomonlashuviga olib kelishi muqarrar, shu bois bunga yo‘l qo‘ymaslik muhimdir. Gap millionlab insonlarning taqdiri haqida bormoqda", — deyiladi Shavkat Mirziyoyevning murojaatida.

Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston muvaqqat hukumatini xalqaro terrorchi tashkilotlar bilan aloqalarni uzishga chaqirdi:

"Biz Afg‘onistonning hozirgi hukumatini terrorizmning har qanday shakli va ko‘rinishlari oldini olish va ularga qarshi kurashish, barcha xalqaro terrorchilik tashkilotlari bilan aloqalarni uzish uchun o‘zining qat’iy irodasini namoyon etib, keskin choralar ko‘rishga chaqiramiz", — deyiladi O‘zbekiston prezidenti murojaatida.

Ta’kidlanishicha, bu — muvaqqat hukumatga ishonchning mustahkamlanishiga olib keladi.