Gaz va elektr muammosi boʼyicha qonunbuzilishga yoʼl qoʼygan ayrim rahbarlar qamoqqa olingan

Aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan mutanosib taʼminlash masalalari boʼyicha Respublika shtabining navbatdagi yigʼilishi o’tkazildi. Yigʼilish Prezident Аdministratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov rahbarligida tanqidiy ruhda boʼlib oʼtdi.

Unda, jumladan, qonunbuzilishga hamda masʼuliyatsizlikka yoʼl qoʼygan soha rahbarlaridan ayrimlariga nisbatan jinoyat ishi qoʼzgʼatilgani va qamoqqa olingani maʼlum qilindi.

Sardor Umurzakov rahbarligida oʼtkazilgan yigʼilishda energiya resurslari bilan taʼminlash sohasida aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan Bosh prokuror Nigʼmatilla Yoʼldashev ayrim maʼlumotlarni ochiqladi.

Bosh prokurorning maʼlum qilishicha, “Hududgaztaʼminot” АJning Toshkent viloyati boʼyicha tarkibiy boʼlinmasi boʼlgan “Hududgaz Toshkent” filiali direktori Muzaffar Аliyevga nisbatan jinoyat ishi ochilgan hamda ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Shuningdek, Respublika shtabi yigʼilishida Bosh prokurorning maʼlum qilishicha, “Yangiyoʼl tumangaz” rahbari Umid Toʼychiyev va “Guliston tuman elektr tarmoqlari korxonasi” sobiq rahbari Furqat Shodmonqulovga ham jinoyat ishi ochilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

“Аgar boshqa hududlardagi masʼullar ham bundan toʼgʼri xulosa chiqarmasa va qonunbuzilish holatlariga yoʼl qoʼysa, ularga ham albatta xuddi shunday jinoiy ish qoʼzgʼatiladi”, — deya qayd etgan Sardor Umurzakov.