General Motors Rossiyadagi faoliyatining to'xtatilish muddatini uzaytirishga qaror qildi

GM veb-saytida e'lon qilingan xabarga ko’ra, General Motors Ukrainadagi inqiroz va tegishli xalqaro sanksiyalar sababli Rossiyadagi faoliyatini to'xtatish choralarini kengaytirishga qaror qilgan.

GM 28-fevral kuni Rossiyaga avtomobil importi va tijorat faoliyatini to‘xtatgan edi. Mojaroli vaziyat haligacha davom etayotgani sababli, kompaniya Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatib turish muddatini uzaytirishga qaror qildi.

So'nggi bir necha yil davomida GM o'z avtomobillarini Rossiya Federatsiyasida ishlab chiqarmadi: ishlab chiqaruvchining Sankt-Peterburgdagi zavodi 2015-yilda yopilgan. Kompaniya Rossiya bozoriga faqat avtomobillarni import qilgan.

GM Chevrolet, Cadillac, GMC, Buick avtomobillarini ishlab chiqaradi. Ma'lumotlariga ko'ra, 2021-yil natijalariga ko'ra, Chevrolet avtomobillari Rossiyadagi eng mashhur 20 ta avtomobil qatoriga kiritilmagan: ushbu markadagi 1000 dan ortiq avtomobil sotilgan.