HUMO va UZCARD terminallari bir-birining kartalarini o‘qishni o‘rgandi

2021-yil 27-dekabr kuni UZCARD va HUMO to‘lov tizimlari ikkala tizim terminallarida to‘lovlarni qabul qilishni namoyish etdi. Ilgari terminallarda cheklovlar mavjud bo‘lsa, endi bitta terminalda ham UZCARD, ham HUMO kartalariga xizmat ko‘rsatish mumkin bo‘ladi.

To‘lov tizimlarining hamkorligi bozor ehtiyojlarini yanada faolroq aniqlash va zarur yechimlarni amalga oshirish imkonini beradi.

Terminal har ikkala turdagi kartalarni qabul qilishni boshlashi uchun uni yangilash kerak. Yaqin kelajakda banklar bunday yangilashni amalga oshirish uchun zarur qadamlar bilan ko'rsatmalar oladi.

Integratsiya memorandumi doirasida kompaniyalar quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlikni davom ettiradilar:

▪️ karta egalari, banklar, to‘lov tashkilotlari va chakana savdo shoxobchalarining manfaatlarini himoya qilish;

▪️ texnologiyalarni takomillashtirish va naqd pulsiz hisob-kitoblarni rag‘batlantirish infratuzilmasini kengaytirish;

▪️ to‘lov infratuzilmasining ishonchliligi va axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish.