II Xalqaro baxshichilik san’ati festivali

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 apreldagi
«II xalqaro baxshichilik san’ati festivaliga tayyorgarlik ko‘rish va baxshichilik san’atini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga asosan 17-20 sentabr kunlari Nukus shahrida II Xalqaro baxshichilik san’ati festivali bo‘lib o‘tmoqda.
Ayni damda esa anjuman o‘tkaziladigan manzil - Nukus baxshichilik san’ati festivali shukuhi bilan yashamoqda. Anjuman munosabati bilan ko‘plab mamlakatlardan baxshilar, sayyohlar va boshqa mehmonlar Nukusga tashrif buyurmoqda. Bu esa dunyo miqyosida ushbu san’at hamda yurtimizga bo‘lgan qiziquvchilar safining oshib borayotganini bildiradi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Xalqaro festivalga dunyoning 22 davlatidan 100 dan ziyod ishtirokchi va mehmonlar, jumladan, YUNЕSKO, TURKSOY kabi xalqaro tashkilotlar vakillari, martabali mehmonlar, mahalliy madaniy meros, ilm-fan, san’at va boshqa sohalardagi ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari tashrif buyurdi.
Nukus shahridagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi I.V.Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyi atrofidagi xiyobonda mamlakatimizning har bir viloyatining o‘ziga xos milliy urf-odat va an’analari, tarixiy obidalarini ifodalovchi ko‘rgazmali stendlari o‘rnatildi. Bu yerda turli sahna ko‘rinishlari, milliy kuy-qo‘shiqlar, yallayu laparlar, dostonlar ijro etilib, tashrif buyuruvchilar uchun bayram muhiti hosil qilinmoqda.
Bundan tashqari festival doirasida ishtirokchi va mehmonlar uchun Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida «Xalq uchun» milliy operasi namoyishi va Mo‘ynoq tumanidagi madaniy meros ob’ektlariga ekskursiya tashkil etiladi.






