Ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarining 85 foizi nogironlar foydalanishga moslashtirilmagan

21 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisida shaharsozlikda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlarini ta’minlash hamda barcha ijtimoiy infratuzilma ob’ektlaridan moneliksiz foydalanish uchun moslashtirish borasidagi ishlar muhokama qilindi.

So'nggi yillarda, ko‘rilayotgan choralarga qaramay nogironligi bo‘lgan shaxslarga inklyuziv sharoitlar yaratish masalasida qator muammolar saqlanib qolmoqda. Birgina poytaxtimizning o‘zida ijtimoiy infratuzilmasi ob’ektlari va binolarining 85 foizi hanuzgacha nogironlar to‘siqsiz foydalanishga moslashtirilmagan.

Bu xususda Senat Raisi ayniqsa xalqaro mezonlar talablaridan kelib chiqib, mamlakatda “to‘siqsiz muhit”ni shakllantirish masalalariga jiddiy e’tibor qaratish lozimligiga to‘xtaldi.

Bu borada yetarlicha muammolarimiz bor. Oddiygina kundalik hayotimizda bunday masalalarga ko‘plab duch kelamiz – transportda, ovqatlanish shahobchalarida, xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida, madaniy – ko‘ngilochar muassasalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay sharoitlar yaratilmagan. Albatta bu vazifa yechimi ham bir-ikki kunning ishi emas. Lekin bu yo‘nalishda amaliy harakatlarni boshlash vaqti allaqachon kelgan, - dedi T.Narbayeva.
Shuningdek, majlis davomida mavjud kamchiliklar aniq misollar bilan izohlandi. Jumladan, yer osti transportidan qulay foydalanish uchun to‘liq sharoitlar yaratilmagan. Metro stansiyalarning ko‘plari panduslar bilan jihozlanmagan, bu esa shaharsozlik me’yorlari talablariga javob bermaydi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan shahar yer usti transportidan mustaqil foydalanish imkoniyati to‘liq yaratilmagan. Ayniqsa, aravachalar yordamida harakatlanadigan nogironligi bo‘lgan shaxslar, ko‘zi ojizlar va qulog‘i og‘irlarning erkin harakatlanishi uchun jamoat transportining moslashmagani aytib o‘tildi.

Jamoat joylarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun zarur eshitish va ko‘rish ma’lumotlari, shu jumladan relef nuqtali Brayl shriftida tayyorlangan ko‘rsatkich va belgilar mavjud emas.