Indoneziya Umumiy saylov komissiyasi ishtirokidagi uchrashuv

22 oktabr kuni Markaziy saylov komissiyasida Indoneziya Umumiy saylov komissiyasi raisi Ilxam Saputra ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda saylov kampaniyasi tadbirlari, saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlar, shuningdek chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalari kabi masalalar haqida so‘z yuritildi.
Shu bilan birga, ayni kunlarda bir necha nufuzli xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar yurtimizga tashrif buyurgani va ular ushbu siyosiy jarayonlarga tayyorgarlik ishlari bilan tanishib borayotganliklari haqida ma’lumot berib o‘tildi.
Qayd etilganidek, O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari mavjud bo‘lgan 37 ta davlatda 54 ta statsionar saylov uchastkalari tashkil etilgan. Shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Jakarta shahridagi Elchixonasida 13-tartib raqamli saylov uchastkasi joylashgan.
Ilxam Saputra o‘z so‘zida O‘zbekiston Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida birinchi marotaba ishtirok etayotganini qayd etar ekan, Markaziy saylov komissiyasiga saylovlarni o‘tkazishda muvaffaqiyatlar tiladi.






