«Innovatsion g'oyalar yetakchisi» ko'krak nishoni g'oliblari taqdirlandi

20-oktabr kuni “InnoWeek.Uz-2022” Xalqaro innovatsion g'oyalar haftaligi doirasida “Innovatsion g'oyalar yetakchisi” ko'krak nishoni sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi. G'oliblarga mukofotlarni Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov topshirdi.

Joriy yilgi tanlovda ishtirok etish uchun nomzodlardan hujjatlar onlayn tartibda qabul qilindi. Ta’kidlanishicha, tanlovga jami 419 nafar ishtirokchidan hujjatlar kelib tushdi.

Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari hamda “Milliy Texnologik tadqiqotlar universiteti MISiS” tomonidan “Innovatsion g'oyalar yetakchisi” ko'krak nishoni bilan taqdirlashga tavsiya etilgan 45 nafar nomzodning loyihalari va hujjatlari respublika komissiyasi a'zolari tomonidan yakka tartibda ko'rib chiqildi hamda baholandi.

Tadbir natijalariga ko'ra, g'oliblarning innovatsion ishlanmalarini tegishli sohalarga joriy etish hamda ishtirokchilar orqali respublikamiz yoshlarining innovatsiyalarga bo'lgan qiziqishlarini oshirish ko'zda tutilgan.