Innovatsion infratuzilma subyektlari soni 3 baravarga oshiriladi

“2022-2026 yillarda O'zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmon bilan 2022-2026 yillarda O'zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasi tasdiqlandi. Kichik tadbirkorlikning innovasion faolligini oshirish orqali hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy jadal o'sishini ta'minlash Strategiyaning asosiy yo'nalishlaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, Farmonga muvofiq Strategiyani amalga oshirishning maqsadli ko'rsatkichlari hamda hududlar kesimidagi maqsadli ko'rsatkichlar tasdiqlandi.
Maqsadli ko'rsatkichlar doirasida:
innovatsion faoliyat subyektlari soni 613 tadan 2 250 tagacha yetkaziladi;
innovatsion infratuzilma subyektlari soni 3 baravarga oshiriladi;
innovatsion tadbirkorlik natijasida yaratiladigan yangi ish o'rinlari soni 4 baravarga oshiriladi.
2022-yil 1-avgustdan innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etishda “tarmoq-hudud-ilmiy/oliy ta'lim tashkilot” zanjirining yaxlit tizimi joriy etiladi.
2022-yil 1-avgustdan “tubdan yangilovchi” innovatsiyalar yaratishni rag'batlantirishning quyidagi tizimi joriy etiladi:
mahalliy ilmiy tashkilotlar va korxonalarga innovatsion tovarlar bo'yicha davlat organlari bilan shartnomalarni to'g'ridan-to'g'ri imzolash huquqi beriladi;
ustav fondida 50 va undan ko'p foiz davlat ulushi bor xo'jalik jamiyatlarida foyda solig'ini to'lagungacha uning 10 foizgacha ajratmalaridan Innovatsion faoliyatni qo'llab-quvvatlash jamg'armasi tashkil etiladi.






