Innovatsiyalar va fan rivoji yo'lida Vengriya bilan hamkorlik

Innovatsiyalar Milliy ofisi bosh direktori o‘rinbosari Akbarxon Sobirxonov hamda Vengriya sanoat, fan, innovatsiya va texnologiya parklari assotsiatsiyasi (IPE) prezidenti Norbert Moruch o‘rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish borasida memorandum imzolandi.

Ma’lumki, mazkur yilning 29-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya Vengriya Respublikasiga jo‘nab ketgan edi. Vengriya davlatiga tashrifdan ko‘zlangan maqsadlardan biri, texnologik parklari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish masalalarini ham ko‘rib chiqish edi.

Vengriya sanoat, fan, innovatsiya va texnologiya parklari assotsiatsiyasi (IPE) 1994-yilda tashkil etilgan bo‘lib, IPEning asosiy vazifalari qatoriga strategik rejalashtirishdan tashqari Sanoat parki va Fan-texnika parkini rivojlantirish kontsepsiyasini ishlab chiqish va amalga oshirishdan iborat.

Ikki davlat texnoparklari o‘rtasida imzolangan hamkorlik innovatsion texnologiyalarni tijoratlashtirish, startap ekotizimini faoliyatini jadallashtirish hamda birgalikda seminarlar, xalqaro konferensiyalar tashkil etishdir. Shuningdek, texnoparklarda ishlab chiqarilayotgan ishlanmalarni ko‘rsatish borasida yarmarkalarni o‘tkazish ham memorandumda ko‘rsatilgan. Qolaversa, bilim va tajriba almashish hamda talabgor mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha ham bir qator ishlar amalga oshirilishi belgilandi.