“Insoniyatga qarshi jinoyat”. “Tolibon Al-Aqsoga qilingan hujumni qoraladi

Al-Aqso masjidiga qilingan hujum insoniyatga qarshi sodir etilgan jinoyatdir. Bu haqda “Tolibon” vakili Zabihullo Mujohid soʻz ochdi, deya xabar berdi “Sputnik Afg‘oniston”.

Nashrga koʻra, Mujohid masjidga bostirib kirgan Isroil xavfsizlik kuchlarini keskin tanqid qilgan. U muqaddas joylarga qilingan hujumlar xalqaro qonunlarga zid ekanini ta’kidlab, ushbu harakatni insoniyatga qarshi jinoyat deb baholagan.

Shuningdek, Zabihullo Mujohid Islom davlatlarini falastinliklarni birgalikda himoya qilishga chaqirgan.

Maʼlumot uchun, 31 mart kuni falastinlik 26 yoshli yigit Isroil harbiylarining hujumiga uchragan ayolni himoya qilishga uringanida otib o‘ldirilgan edi. 5 aprel kuni esa Isroil xavfsizlik kuchlari Al-Aqso masjidiga bostirib kirib, u yerdagi falastinliklarga hujum qildi. Oqibatda taxminan 100 nafar falastinlik tan jarohati olgan.