Investitsiya faoliyati va strategik rivojlanish borasidagi ustuvor vazifalar

Joriy yilning 12 - yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Strategik rivojlanish agentligi faoliyati muhokamasi yuzasidan yigʼilish oʼtkazildi.
Mamlakatimizdagi barqarorlik va qulay investitsiya muhiti natijasida tashqi iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanmoqda. 2021 - yilda jami 10 milliard dollardan ortiq, jumladan, 8 milliard 100 million dollar toʼgʼridan-toʼgʼri xorijiy investitsiya oʼzlashtirilgan. Buning natijasida 318 ta yirik va 15 mingdan ziyod hududiy loyihalar amalga oshirilib, 273 mingdan ortiq ish oʼrni tashkil etilgan. Yangi korxonalar jami 1 milliard dollardan ziyod eksport va 530 million dollarlik import oʼrnini toʼldirish imkoniyatiga ega.
Аlbatta, koronavirus pandemiyasi hali-hamon iqtisodiy jarayonlarga jiddiy taʼsir oʼtkazmoqda. Shunga qaramay, eksportda izchil oʼsishga erishilmoqda. Xususan, 2020 - yilda mamlakatimizda eksport miqdori 9 milliard dollardan oshgan boʼlsa, 2021 - yilda 12 milliard dollarni tashkil etgan. Eʼtiborlisi, bunda tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushi sezilarli koʼpaygan.
Joriy yilda 9 milliard 500 million dollardan ziyod toʼgʼridan-toʼgʼri xorijiy sarmoyalarni oʼzlashtirish, 282 ta yirik va 9 mingdan ortiq hududiy loyihalar ishga tushirish moʼljallangan. Eksport hajmini 14 milliard dollarga yetkazish hisob-kitob qilingan.
Prezidentimiz ishlab chiqarish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalasiga alohida eʼtibor qaratdi. Mahalliy mahsulotlar turini koʼpaytirish, bu borada tadbirkorlarni qoʼllab-quvvatlash va ragʼbatlantirish boʼyicha topshiriqlar berildi. Jumladan, yurtimizda ishlab chiqarilmaydigan tovarlarni oʼzlashtirgan mahalliy korxonalar mahsulotlari kafolatli xarid qilinadi. Bu jarayonga hokim yordamchilarini ham jalb etish muhimligi aytildi.
Maʼlumki, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 - yil 19 - iyuldagi farmoniga muvofiq, Strategik rivojlanish agentligi tashkil etilgan edi. Bu Аgentlikka investitsiyalarni jalb etish va loyihalarni amalga oshirishning strategik masalalarini oʼrganish, investitsiya faoliyatining istiqbolli yoʼnalishlarini aniqlash, xalqaro tajriba asosida iqtisodiyot tarmoqlarini isloh qilish va hududlarning investitsiya salohiyatini oshirish boʼyicha takliflar ishlab chiqish kabi koʼplab vazifalar yuklatilgan. Yigʼilishda mazkur Аgentlikning tuzilmasi, shu kungacha qilingan ishlar va joriy yilgi rejalar haqida axborot berildi.
Аgentlikning bu yilgi rejasi 18 ta muhim tadbirdan iborat. Investitsiya loyihalarini ilgari surishning yangi mexanizmini joriy etish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish orqali investitsiya muhitini yaxshilash, investitsiya muhiti boʼyicha hududlar reytingini yoʼlga qoʼyish, tadbirkorlarning tizimli muammolarini aniqlash va hal qilish boʼyicha onlayn platformani ishga tushirish, Jahon banki bilan birgalikda toʼgʼridan-toʼgʼri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish strategiyasini ishlab chiqish shular jumlasidan.
"Bu Аgentlik investitsiya hajmini kengaytirish va eksport salohiyatini oshirishga zamin yaratadi. Shu bois, hudud va tarmoqlarni strategik rivojlantirish boʼyicha “yoʼl xaritasi” ishlab chiqish, bunga xorijdan malakali mutaxassis va maslahatchilarni ham jalb qilish kerak", – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Strategik rivojlantirish boʼyicha metodologiya yaratib, uni har bir hudud va tarmoqda joriy qilish boʼyicha aniq vazifalar belgilab berildi.






