Investitsiyalar va tashqi savdo: 2021 – yil sarhisobi va 2022- yilning dolzarb vazifalari

Joriy yilning 5-yanvar kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarligida o’tgan yildagi investitsiyalar va tashqi savdo faoliyati yakunlari hamda joriy yilda investitsiyalarni jalb etishni yanada ragʼbatlantirish, eksport hajmini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarning oflayn va onlayn shaklidagi muhokamasi bo’lib o’tdi.

Yigʼilishda vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari hamda Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirok etdi.

2021- yilda investitsiyalar sohasida erishilgan natijalar boʼyicha tezkor maʼlumotlar maʼlum qilindi. Jumladan, oʼzlashtirilgan investitsiyalarning umumiy hajmi 254 trln. soʼmni tashkil etib, 2020 yilga nisbatan 109 foizga oʼsdi, shundan toʼgʼridan-toʼgʼri xorijiy investitsiyalar 8,6 mlrd dollarni tashkil qildi. Hisobot davrida davlat Investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 5,9 milliard dollarlik 318ta yirik investitsiyaviy loyiha, hududiy investitsiya dasturlari doirasida esa 7,4 milliard dollarlik 15 710 investitsiyaviy loyiha amalga oshirildi. Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi tufayli jami 275 mingdan ortiq yangi ish oʼrinlari yaratildi. Investitsiyalarni jalb qilishni ragʼbatlantirish va investitsiyaviy loyihalar tashabbuskorlarini amaliy qoʼllab-quvvatlash boʼyicha mexanizmlarni takomillashtirish, shuningdek, masʼul rahbar va xodimlarni biriktirish orqali loyihalarni amalga oshirishning doimiy monitoringini olib borish tizimini tashkil etish boʼyicha koʼrsatmalar berildi.

Boʼsh turgan va toʼliq quvvat bilan ishlamayotgan korxonalarni “sogʼlomlashtirish” boʼyicha amalga oshirilgan ishlar natijalari koʼrib chiqildi. Oʼtgan yil yakunlari boʼyicha 2040 ta shu kabi korxona faoliyati oʼrganilib, tadbirkorlarni moliyaviy qoʼllab-quvvatlash va mavjud muammolarni hal etish boʼyicha aniq choralar koʼrildi. Natijada 1908 korxona (94 foiz) toʼliq quvvat bilan ishlab chiqarishni yoʼlga qoʼydi, bu esa mamlakatimiz sanoatiga qoʼshimcha ravishda 4,1 trln. soʼmlik mahsulot ishlab chiqarish, 184 mln dollarlik qoʼshimcha eksportga yetkazib berish va 25 mingga yaqin ish oʼrni tashkil etish imkonini berdi. 152 dona foydalanilmayotgan texnologik uskuna ham ishga tushirildi, bu esa, oʼz navbatida, 1 257 yangi ish oʼrni yaratish imkonini berdi. Yuzaga kelayotgan masalalarga zudlik bilan javob berish va ularni hal qilishda amaliy yordam koʼrsatish maqsadida foydalanishga topshirilgan ishlab chiqarish obyektlari faoliyatini monitoring qilish mexanizmini yaratish topshirildi.

Investitsiyaviy faoliyatni ragʼbatlantirish va loyihalarni amalga oshirishni qoʼllab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish yuzasidan koʼrilayotgan chora-tadbirlar boʼyicha hisobotlar eshitildi. Hududiy loyiha guruhlarini shakllantirishni jadallashtirish hamda ularning tuman va shahar hokimlarining tadbirkorlikni rivojlantirish, bandlik va kambagʼallikni qisqartirish boʼyicha har bir mahallada faoliyat yuritayotgan yordamchilari bilan yaqin hamkorligini yoʼlga qoʼyish topshirildi.

2022 - yilda eksport salohiyatini yuksaltirish va eksport qilinadigan mahsulotlar hajmini oshirish vazifalari koʼrib chiqildi.

Аlohida tartibda xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlat moliya tashkilotlari tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalarni amalga oshirish bilan bogʼliq masalalar, Oʼzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʼlishi boʼyicha muzokaralarning borishi, transport infratuzilmasini kengaytirish va mamlakatda logistika salohiyatini yuksaltirish boʼyicha chora-tadbirlar hamda boshqa dolzarb vazifalar koʼrib chiqildi.