Investitsiyalar va tashqi savdo faoliyatini rag‘batlantirishning yangi tizimini joriy etish

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy hokimiyat organlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining investitsiyalar masalalari kompleksiga kiruvchi vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari rahbarlari bilan uchrashdi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda seminarlar to‘g‘risida ma’lumot tinglandi, shuningdek, investitsiyalarni rag‘batlantirish, sanoat korxonalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va eksportni oshirishning yangi tizimini amaliyotga joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berildi. Joylarda samarali ishlarni tashkil etish va yangi mexanizm asosida kelgusi yil uchun hududiy investitsiya dasturlarini shakllantirishga oid masalalar muhokama etildi. Shuningdek, tasdiqlangan investitsiya dasturlari ijrosini tahlil qilish va alohida loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar ko‘rish topshirildi.

Investitsiyaviy loyihalarni tayyorlash hamda amalga oshirishning yangi samarali tizimini joriy etishga doir normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqish va tasdiqlash bo‘yicha ishlar jadallashtiriladi. Unda loyiha guruhlariga qo‘yiladigan talablar, loyiha guruhlari rahbarlari faoliyatining natijadorlik ko‘rsatkichlarini belgilash tamoyillari, xolding kompaniyalari tomonidan hududlarda loyihalarni amalga oshirish va moliyalashtirish tartibi nazarda tutiladi.

Yangi mexanizmni hududlarda joriy etishni muvofiqlashtirish Vazirlar Mahkamasining tegishli kompleksi xodimlari hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbariyati tomonidan amalga oshiriladi.