Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi faoliyati doirasida 2022 - yilga moʼljallangan dolzarb vazifalar muhokama qilindi

Joriy yilning 10 - yanvar kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarligida videokonferensiya shaklida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi faoliyati doirasida 2022 - yilga moʼljallangan dolzarb vazifalarni muhokama qilishga bagʼishlangan yigʼilish boʼlib oʼtdi.
2021 - yilda erishilgan natijalar tahlili hamda joriy yilda tizimli va samarali ishlarni tashkil etish boʼyicha koʼrilgan chora-tadbirlar yuzasidan vazirning barcha oʼrinbosarlari hamda Vazirlikning tarkibiy boʼlinmalari va uning idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlarining hisobotlari eshitildi.
Vazirlikning tarkibiy boʼlinmalar boshliqlari tomonidan shu oy, birinchi chorak va umuman joriy yil uchun aniq tadbirlar, ijro muddatlari va kutilayotgan natijalardan iborat aniq va manzilli ish rejalari taqdim etildi.
Аsosiy hamkor mamlakatlar kesimida ikki tomonlama investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy munosabatlarning bugungi holati, qoʼshma dastur va loyihalarning amalga oshirilishi, shuningdek, oliy darajadagi tashriflar chogʼida erishilgan kelishuvlarning roʼyobga chiqarilishi yuzasidan axborot berildi. Аsosiy sheriklar bilan iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish boʼyicha rejalashtirilgan chora-tadbirlar, ishlab chiqilayotgan loyihalar va savdo bitimlari, xorijiy investorlar va savdo hamkorlarini jalb qilishning yangi mexanizmlari haqida hisobot berildi. Oʼzaro munosabatlarning barcha sohalarida va har bir hamkor mamlakat uchun xalqaro tadbirlarni tashkil etish hamda ikki tomonlama sheriklikni ilgari surish boʼyicha aniq vazifalar va ularni amalga oshirish muddatlari belgilangan rejalarni ishlab chiqish topshirildi.
Xalqaro moliya institutlari, donorlar va rivojlanish boʼyicha hamkorlar bilan oʼzaro munosabatlarning holati koʼrib chiqildi. Jalb etilayotgan mablagʼlar va grantlar hisobidan amalga oshirilayotgan qoʼshma ijtimoiy va investitsiyaviy loyihalarni hayotga joriy etishni jadallashtirish boʼyicha koʼrsatmalar berildi.
Davlat va hududiy investitsiya dasturlarining ijrosi, ishga tushirilgan loyihalar faoliyatining monitoringi, mahalliy eksportchilarni qoʼllab-quvvatlash va eksport salohiyatini yuksaltirish boʼyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, Vazirlik vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar oʼrganildi.






