«Ipak yo‘lida turizm» Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi

Joriy yilning 30-noyabridan 2-dekabriga qadar Toshkent shahrida “Ipak yo‘lida turizm” 27-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi o'tkazilishi munosabati bilan bugun, 23-noyabr kuni matbuot anjumani tashkil etildi.
Ma'lumot o'rnida qayd etish joizki, Yarmarka tashkilotchilari - O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, “Milliy PR-markazi” DUK, SAYS” ko‘rgazma kompaniyasi nomidan “THE SAYS LOT” MCHJ sanaladi.
Yarmarka “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazmalar majmuasi pavilyonida o'tkaziladi.
“TXTY-2022 1995-yildan buyon har yili BMT Jahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) ko‘magida o‘tkazib kelinayotgan sayyohlik tadbiridir. Har yili ko‘rgazma butun dunyodan sayyohlik sohasining yuzlab mutaxassislarini o‘zida jamlab, ushbu sohani xalqaro miqyosda rivojlantirish uchun sharoit yaratadi. Ikki yillik tanaffusdan soʻng Toshkentda yana TXTY-2022ning ulkan toʻliq ko‘lamda qaytishi kutilmoqda. “Bu qaytishning o‘ziga xosligi shundaki, biz bu yil tarixda birinchi marta budjet mablag‘larini jalb qilmasdan, ushbu yarmarkani davlat-xususiy sheriklik ko‘rinishida o‘tkazmoqdamiz", –deya ta'kidladi, matbuot anjumanida Bosh vazir o'rinbosari, Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov.
Yarmarka doirasida Fransiya, Yaponiya, Malayziya, Tailand, Koreya, Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Ozarbayjon va boshqa 15 dan ortiq davlatlarning milliy stendlari bilan turizm ma’muriyatlari ishtirokida xalqaro ko‘rgazma o‘tkaziladi.
P.S. TXTY-2022 axborot hamkorlari sifatida “Afisha.uz” va “Bright Uzbekistan”, shuningdek boshqa ommaviy axborot vositalari bo‘ldi.






