«Ipak yo‘lida turizm» filmining premyerasi bo‘lib o‘tdi

Kuni kecha “Yulduz” kinoteatrida “Ipak yo‘lida turizm – 2022” Toshkent xalqaro turizm yarmarkasiga bag‘ishlangan hujjatli filmning premyerasi bo‘lib o‘tdi.

Hujjatli filmda qadim zamonlardan buyon O‘zbekistonda turizm industriyasining rivojlanish bosqichlari va rivojlanish tendentsiyalari ko‘rsatilgan.
Filmni yaratishda “Bright Uzbekistan” loyihasi asoschisi va bosh muharriri ham ekspert-respondent sifatida ishtirok etgan.

Film premyerasida turizm sohasi vakillari: Madaniyat va turizm vazirligi, davlat idora va tashkilotlari, xorijiy davlatlar, xususan Turkmaniston, Falastin, Vengriya, Bolgariya, Malayziya elchixonalari, shuningdek, mehmonxonalar, transport va logistika tashkilotlari, xususiy korxona va tashkilotlar, mamlakatimiz gastronomik turizmi, tibbiyot va moda turizmi vakillari ishtirok etishdi.

TXTY Jahon sayyohlik tashkiloti (JST) rasmiy ko‘magida 1995-yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda. Ushbu yarmarka har yili dunyoning turli burchaklaridan kelgan sayyohlik biznesi mutaxassislari uchun o‘z sohasi bo‘yicha tajriba almashish, o‘z xizmat va mahsulotlarini namoyish etish hamda shu bilan birga mamlakatimizda hamkorlikda tijorat faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniyatini yaratish maqsadida tashkil etiladi.

Qayd etilishicha, TXTY-2022 ko‘rgazmasida dunyoning 30 ta davlatidan 300 dan ortiq turizm sohasi vakillari ishtirok etgan. Yarmarka davomida 7 mingdan ortiq shartnoma imzolanib, 20 mingdan ortiq muzokaralar tashkil etildi.

Joriy yilning 15-17-noyabr kunlari Toshkent shahrida “Ipak yo‘lida turizm – TXTY-2023” yarmarkasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. TXTY-2023 yarmarkasini tashkil etish ishlari allaqachon boshlab yuborilgan.