Ipoteka uchun budjetdan ajratilgan 1,1 trillion so‘m subsidiyadan 220 milliard so‘mi ishlatilgan

Davlatimiz rahbari bugungi videoselektor davomida uy-joy qurilishi va ipoteka tizimida hali o‘z yechimini topmagan ko‘plab masalalar mavjudligini ko‘rsatib o‘tdi.
Bular:
• ipoteka bozorida qurilayotgan uy-joylar soni talabga nisbatan ancha kam. Xususan, Xonqa tumanida 5 mingta yangi uy-joyga talab bo‘lsada, kelgusi yilda atigi 464 ta (talabning 9 foizi) uylar qurish reja qilingan;
• bugungi kunda joylashgan joyi yoki narxi aholiga nomaqbul bo‘lgani uchun qiymati 255 milliard so‘mlik 950 ta qurilgan xonadon sotilmasdan turibdi;
• ipoteka uchun budjetdan ajratilgan 1,1 trillion so‘m subsidiyadan 220 milliard so‘mi ishlatilgan, xolos. Respublika bo‘yicha 36 mingdan ziyod ijobiy xulosasi bor oilalarga 900 milliard so‘mdan ziyod subsidiyalar to‘lanmay turibdi;
• aholi tomonidan talab yuqori bo‘lgan o‘rta me’yordagi uylar bo‘yicha quruvchilar bozorga yetarli taklif chiqarmayapti;
• uy-joy quriladigan massivlar ro‘yxati tasdiqlangan bo‘lsada, yer uchastkalari o‘z vaqtida auksionga chiqarilmagani bois, Toshkent viloyatida – 2,7 ming, Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo
va Xorazmda – 1,5 ming xonadonli uy-joylar qurilishi boshlanmagan;
• viloyat hokimlari va ularning qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlari uy-joy qurilishi uchun pudratchi tanlashda 2-3 ta tashkilot bilan cheklanmoqda.
"Buning salbiy oqibatlarini Jizzax misolida hamma ko‘rdi", deb ta’kidladi Prezident.






