Iqtisodiy o‘sish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,4 foizni tashkil etdi

Senatning o‘ttiz ikkinchi yalpi majlisida Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2022-yil birinchi yarim yilligi ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti muhokama qilindi.

Majlisda taʼkidlanganidek, jahon iqtisodiyotida kechayotgan murakkab jarayonlarga qaramasdan 2022-yilning birinchi yarim yilligi davomida O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi taʼminlanmoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilgan samarali fiskal va monetar siyosat natijasida YAIM hajmi joriy narxlarda qariyb 390 trillion so‘mga yetib, iqtisodiy o‘sish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,4 foizni tashkil etdi.

Hisobot davrida Davlat budjeti daromadlari 92,6 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,8 trillion so‘mga ko‘paydi. Davlat budjeti daromadlarining o‘sishiga so‘nggi yillardagi soliq nazorati va maʼmuriyatchiligi yangi dastaklarining joriy etilishi, soliq bazasining kengaytirilishi, iqtisodiyot sohalarida olib borilayotgan islohotlar taʼsir ko‘rsatganligi qayd etildi.

Davlat budjetining 2022- yil birinchi yarim yilligidagi xarajatlari davlat maqsadli jamg‘armalarisiz 103,0 trillion so‘mni yoki YAIMga nisbatan 26,4 foizni tashkil etdi. Hisobot davrida mahalliy budjetlarning daromadlari 36 trillion 977 milliard so‘mga yetdi.

Senat aʼzolari muhokamalar jarayonida asosiy eʼtiborni 2022-yilning 6 oyi davomida Davlat budjeti daromad va xarajatlarining ijrosi, ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi, shuningdek, soliq va bojxona idoralari tomonidan belgilangan davlat budjeti daromadlari prognozining bajarilishida soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha hisoblangan daromadlarning undiruvchanlik darajasiga qaratdilar.