Ispaniyada O'zbekiston turizmi va madaniy merosiga bag'ishlangan festival bo'lib o'tdi

Uzbekturizmning xabar berishicha, Ispaniya Qirolligining sayyohlarbop provinsiyalaridan biri Valensiyada XIV asrdan buyon muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan "Marvlar va nasroniylar" festivalining navbatdagi mavzusi ilk marta O‘zbekiston turizmi va madaniy merosiga bag‘ishlandi.

Ma'lumotlarga ko'ra, festivalni tashkil etish uchun 10 ming nafar faol havaskorlar hamda butun dunyodan tomoshabin sifatida 100 ming nafarga yaqin havaskorlar tashrif buyuradi.

Аyni paytda, Ispaniya tomoni tadbir ishtirokchilari uchun milliy, tarixiy kiyimlar tikish boʼyicha oʼzbek hunarmand, dizaynerlariga buyurtmalar bergan. Ular 600 dona kiyim kechak, 2000 ta doʼppi va Аmir Temur roli uchun alohida kiyimlar ekani aytildi.

Tayyorgarlik ishlariga 400 ming yevro mablagʼ sarflangan. Ushbu tadbir davomida tashkil qilingan koʼrgazmalar respublikamiz hunarmandlarining mahsulotlarini eksport miqdorini oshirish va ularning bandligini taʼminlashga hissa qoʼshadi.

Bu yilgi tadbir davomida 100 mingdan ortiq mahalliy aholi va xorijiy sayyohlar ishtirok etib, ularga Oʼzbekiston madaniyati va turistik salohiyati keng targʼib qilinmoqda.

“2006-yilda Valensiyadan Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan ko‘rgazmaga ishtirok etish uchun borgandim. U yerdagi muzeyda o‘zbek hunarmandchilik namunalari mening eʼtiborimni tortdi, ayniqsa, Buxoro zardo‘zlik sanʼati va milliy matolaringiz. Shundan so‘ng ushbu festivalda o‘zbek milliy liboslarini kiygan mavrlar jamoasini ko‘rish istagi meni tark etmadi. Mana, bu yilgi parad uchun Xiva, Buxoro shaharlari, shuningdek, Toshkentdagi Chorsu, Hazrati Imom majmualari va Azukar Moreno kolleksiyalaridan turli liboslar sotib oldik. O‘zbekiston bilan hamkorlikda ishlab, uzoq tayyorgarlik ko‘rdik va nihoyat, ushbu festivalda o‘zbek milliy liboslarini kiygan ishtirokchilar qatnashmoqda”, – dedi "Marvlar va nasroniylar" festivalining madaniy loyihalari rahbari Rafael Ferrero.