Issiqxona xoʼjaliklariga ajratilgan kreditlarda imtiyozli davr 5 yilga uzaytiriladi

“Issiqxona xoʼjaliklari faoliyati samaradorligini oshirish yuzasidan qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga koʼra, issiqxona xoʼjaliklari va muzlatkichli omborxonalarning iqtisodiy jihatdan samarali ishlashi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratiladi.

Issiqxona xoʼjaliklari va muzlatkichli omborxonalar uchun ajratilgan milliy va xorijiy valyutadagi kreditlarni qaytarish muddatlari umumiy hisobda 14 yil etib belgilanadi va imtiyozli davr 3 yildan 5 yilgacha uzaytiriladi.

Issiqxona xoʼjaliklarini aylanma mablagʼ bilan taʼminlash uchun banklar tomonidan 1 yil muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan kredit ajratiladi.

Bunda mazkur kreditlar Bogʼdorchilik va issiqxona xoʼjaligini rivojlantirish agentligiga ajratilgan byudjet ssudasi hisobidan moliyalashtiriladi.

Issiqxona xoʼjaliklarida eksportbop mahsulot yetishtirishga talab etiladigan aylanma mablagʼlar uchun xorijiy valyutadagi bank kreditlari Eksportni ragʼbatlantirish agentligi mablagʼlari hisobidan yillik 4 foiz stavkada (shundan, bank marjasi 2 foiz) ajratiladi.

Аjratilgan kreditlarni qaytarish muddatlari issiqxonalarda hosilni yigʼib olish va sotish muddatlariga moslashtiriladi.

Issiqxona xoʼjaliklariga tabiiy gaz boʼyicha toʼlovni oʼz vaqtida amalga oshirmaganlik uchun penya summasi 2022-yil 1-oktabrdan 2023-yil 1-aprelgacha, istisno tariqasida, hisoblanmaydi.