Istanbulda O’zbekiston yoshlari forumi – Turkiya tadbiri o’tkazildi

Turkiyaning Istanbul shahridagi Yildiz texnik universiteti Kongress-markazida O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Turkiyadagi vakilligi tomonidan «Yangi O‘zbekiston — yangi g‘oyalar!» shiori ostida «O‘zbekiston yoshlari forumi – Turkiya» tadbiri bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston parlamenti yuqori palatasi axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, «O‘zbekiston yoshlari forumi — 2021» doirasida tashkil etilgan tadbirda Turkiyaning Anqara, Bartin, Bursa, Izmir, Istanbul, Karabyuk, Konya, Samsun va boshqa shaharlaridagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan, ilmiy izlanishlar o‘tkazayotgan va mehnat faoliyatini olib borayotgan 500 nafarga yaqin o‘zbekistonlik talaba-yoshlar va OAV vakillari ishtirok etdi.

Forumni O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Turkiyadagi vakili, iqtisod fanlari doktori Ergash Jumayev ochib berdi.

Xususan, “Uchinchi Renessans” yo‘nalishida doktor Saidbek Boltaboyev va Istanbul davlat universiteti doktoranti, tilshunos Gulnoza Saidova, “Kelajak liderlari” sektorida iqtisodchi, Istanbul universiteti doktoranti Sarvarbek Nazarov hamda “M-Faktor” a’zosi, O‘zbekiston soliq qo‘mitasi raisining maslahatchisi Murodjon Muhammadjonov, New media tarmog‘ida taniqli jurnalist va suxandon, Kastamonu universiteti magistranti Abdukarim Mirzayev hamda “Yosh ijodkorlar” sektorida jurnalist, tarjimon va shoir, Istanbul universiteti doktoranti Otabek Tillayev boshchiligida yoshlar o‘z loyihalari taqdimotini o‘tkazishlarini ma’lum qildi.

Forum yakunida har bir sektor bo‘yicha beshtadan loyiha mualliflari g‘olib deb topildi va taqdirlandi. Shuningdek, spikerlar, faol yoshlar, moderatorlar hamda viktorina va tanlovlar g‘oliblari, ijtimoiy tarmoqlarda forum bo‘yicha eng yaxshi chiqishlar qilgan ishtirokchilarga homiylarning sovg‘alari topshirildi.