Italiya va O‘zbеkiston tеrma jamoalari uchrashuvi o‘tkaziladi

Joriy yilning 6-may kuni O’FAda 17-18-may kunlari Italiya va O‘zbekiston futboli afsonalaridan iborat bo‘lgan terma jamoalari uchrashuvi oldidan matbuot anjumani tashkil qilindi.
Mazkur matbuot tadbiri O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi hamda Toshkent shahar hokimligi va BMB Trade Group kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbirda O‘FA vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, BMB Trade Group kompaniyasi Kuzatuv Kengashi Raisi Bekzod Mamatqulov hamda O‘zbekiston milliy media assotsiatsiyasi Boshqaruv raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja ishtirok etdilar.
Bundan tashqari matbuot anjumanida onlayn-formatda Italiyadan O‘zbekiston Respublikasining Italiyadagi Favqulodda va muhtor elchisi Otabek Akbarov, italiyalik hamkor Roberto Tuchchi ENERGY SYSTEMS kompaniyasi Prezidenti, Daniyele Massaro - “Milan” futbol klubi afsonaviy hujumchisi, hozirgi kunda “Milan” FK menejeri, terma jamoa kapitani va murabbiy-o‘yinchi, Kristian Dzakkardo - “Milan” futbol klubi afsonaviy himoyachisi va ko‘plab Italiyalik futbol klublari vakillari qatnashadilar.
Shular qatorida joriy yilning 17-18-may kunlari O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi, Toshkent shahar hokimligi, BMB Trade Group kompaniyasi hamkorligida Italiya va O‘zbekiston futboli afsonalaridan iborat bo‘lgan terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek O‘zbekistonga Paolo Berluskoni (Paolo Berlusconi) Italiyaning Il Giornale kompaniyasi ta’sischisi, “Berluskoni Investitsiyaviy Fondi” rahbari boshchiligida asosan “Milan” hamda “Internatsionale”, “Roma”, “Barselona”, “Monako”, “Yuventus”, “Torino”, “Shalke 04”va “Frayburg” kabi 14ga yaqin italiyalik futbol klublarining afsonaviy o‘yinchilaridan iborat bo‘lgan delegatsiya tashrif buyuradi.






