Italiyada so‘nggi 70 yildagi eng og‘ir qurg‘oqchilik kuzatilmoqda

Mamlakatdagi eng katta Po daryosining suvi kamayib bormoqda va bu Italiyada so’nggi 70 yildagi eng og’ir qurg’oqchilik deya baholanmoqda.
Ma’lum qilinishicha, suv yetishmasligi dehqonlarning hosiliga zarar yetkazmoqda. Bir necha oy oldin yashil qirg‘oq bo‘ylab oqadigan daryolarning o‘zani cho‘lga o‘xshab qolgan. Bunga yog‘ingarchilikning kamligi, yozda havo haroratining sezilarli darajada ko‘tarilishi sabab bo‘lgan.
Iyul oyi boshida Italiya shimolidagi beshta hududda qurg‘oqchilik tufayli favqulodda holat eʼlon qilingan edi. O‘nlab munitsipalitetlarda suv taʼminoti rejimi joriy etilgan.
Po daryosi vodiysidagi fermerlarning aytishicha, daryoning bir qismi qurib qolgan, boshqa qismlarida esa dengizning sho‘r suvi aralashib, ekinlarga zarar yetkazmoqda.
Po daryosi janubi-g‘arbiy Alp tog‘laridan boshlanib, Adriatika dengiziga quyiladi. Daryo uzunligi 650 kilometr atrofida. Mamlakat qishloq xo‘jaligining deyarli uchdan bir qismi ushbu daryo bilan bog‘liq.






