ITSV va Skolkovo: Taʼlim ekotizimini shakllantirib, strategik va amaliy menejment darajasini birlashtiramiz

Bosh vazir oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov “Skolkovo” Moskva boshqaruv maktabi rektori Y.Levin bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida tomonlar taʼlim va kasbiy tayyorgarlik sohasidagi hamkorlikning istiqbolli yoʼnalishlarini muhokama qildilar.

Xususan, muloqotda boshqaruv kadrlarining kasbiy tayyorgarligini sifat jihatidan yangi bosqichga koʼtarish uchun Oʼzbekistonda qoʼshma taʼlim ekotizimini yaratish tashabbusiga toʼxtalib oʼtildi.

Ushbu taʼlim ekotizimining joriy etilishi nafaqat davlat tuzilmalari kadrlarini, balki xususiy biznesning top-menejerlarini tayyorlashga qaratilganligi sababli, tomonlar Oʼzbekiston taʼlim muassasalari professor-oʼqituvchilarini biznesni boshqarish sohasida oʼqitishda hamkorlikni yoʼlga qoʼyish istiqbollarini ham koʼrib chiqdilar.

Shuningdek, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida ixtisoslashtirilgan “Oʼquv markazi”ni tashkil etishning amaliy jihatlari koʼrib chiqildi. Uni yaratishdan maqsad turli darajadagi xodimlar uchun oʼquv kurslarini tashkil etish, soʼngra ularning kasbiy faoliyati samaradorligini nazorat qilish bilan tashqi savdo va investitsiya faoliyati boʼyicha mutaxassislarning malakasini oshirishdir.

Uchrashuv yakunlari boʼyicha xalqaro iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va tashqi savdo boʼyicha mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash sohasida hamkorlik toʼgʼrisida Memorandum tasdiqlandi. Hujjat maktab rektori Y.Levin va Oʼzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʼrinbosari H.Teshabayev tomonidan imzolandi.