Ixtirochilik yo'nalishida yangi jamiyat tuziladi

“Ixtirochilik va ratsionalizatorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq, O'zbekiston Ixtirochilar va ratsionalizatorlar jamiyati nodavlat notijorat tashkiloti tashkil qilinadi.

Respublika iqtisodiyotining barcha tarmoqlarida ixtirochilik faoliyatini rivojlantirish Jamiyatning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.

2022-yildan har yili hududlar, tarmoqlar va sohalar kesimida ixtirochilik va ratsionalizatorlik bo'yicha ko'rik-tanlov o'tkaziladi.

Ko'rik-tanlov g'oliblariga quyidagi miqdorda pul mukofotlari beriladi:

1-o'ringa – BHMning 300 baravari (90 mln so'm);
2-o'ringa – BHMning 250 baravari (75 mln so'm);
3-o'ringa – BHMning 200 baravari (60 mln so'm).

Mazkur mablag'lar Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo'llab-quvvatlash jamg'armasi hisobidan qoplanadi.

Ko'rik-tanlovlarda g'oliblarning ixtirolarini kelgusida startap loyihalar doirasida moliyalashtirishgga ustuvorlik beriladi.

G'oliblar magistratura mutaxassisligiga Yoshlarga oid davlat siyosatini qo'llab-quvvatlash jamg'armasi granti hisobidan imtihonsiz qabul qilinadi.