Jahon banki Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlash uchun 280 mln dollar mablag‘ ajratadi

Jahon banki kengashi Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlash uchun ilgari muzlatib qo‘yilgan mablag‘lardan 280 million dollar ajratishga qaror qildi. Xabarlarga ko'ra, mablag‘lar Birlashgan Millatlar Tashkilotining ikki agentligiga — Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) va Bolalar jamg‘armasiga (YUNISEF) beriladi, ular mamlakatda “Tolibon” hokimiyatni qo‘lga kiritgandan so‘ng yuzaga kelgan gumanitar inqirozni yengishda yordam berib kelmoqda.
Ushbu pullar agentliklarga yetib borishidan oldin, o‘tkazma Jahon banki tomonidan boshqariladigan Afg‘onistonni qayta tiklash trast fondining (ARTF) 31 ta donori tomonidan ma’qullanishi kerak. Eng yirigi AQSh bo‘lgan mazkur donorlarning yig‘ilishi 3-dekabr kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. ARTF hisoblarida Afg‘oniston uchun mo‘ljallangan jami 1,5 milliard dollar to‘plangan.
Ayni paytda Afg‘oniston iqtisodiyoti va bank tizimi to‘liq tanazzulga yuz tutish arafasida, 40 million kishilik aholi oziq-ovqat taqchilligi va tibbiy yordam yetishmasligidan aziyat chekmoqda. BMT prognoziga ko‘ra, bu qishda 23 milliondan ortiq afg‘on, jumladan, 3,2 million 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar ochlikdan aziyat chekadi, ulardan bir millionga yaqini nobud bo‘lishi ham mumkin. Mamlakatda naqd pul tanqisligi sharoitida BMT agentliklari “Tolibon” hukumati tuzilmalarini chetlab o‘tib, o‘qituvchilar, shifokorlar va kambag‘al oilalarga to‘g‘ridan to‘g‘ri pul tarqatishni boshlagan.
Avvalroq Afg‘oniston bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Muhammad Hasan Oxund xalqaro yordam va AQShda muzlatib qo‘yilgan 10 milliard dollarga yaqin mablag‘dan foydalanish imkoniyatini so‘ragan edi.






