Jahon banki O'zbekistonda qishloqlarni rivojlantirish bo’yicha dasturlarni amalga oshirishda davom etadi

2021 yil 18-may kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo'yicha Jahon banki vitse-prezidenti Anna Byerde bilan uchrashdi.

Suhbat avvalida tomonlar bir-birlari bilan salomlashdilar, Tanzila Norboyva delegatsiya rahbari Anna Byerdeni Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha vitse-prezidenti etib tayinlangani bilan tabrikladi.

Uchrashuv davomida tomonlar O'zbekiston bilan Jahon banki o'rtasidagi ko'p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish masalalarini, shu jumladan infratuzilmaviy rivojlanish va energetika sohalarida loyihalarni amalga oshirish, to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va qishloq joylarda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. O'zbekistonning qishloq joylarini rivojlantirish bo'yicha maslahat va texnik ko'mak ko'rsatish orqali dasturlarni amalga oshirishni davom ettirish alohida qayd etildi.

Kunning ikkinchi yarmida Anna Byerde bilan Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o'rinbosari S.Safoyev uchrashuv o’tkazdi.

Tomonlar, shuningdek, O'zbekiston va Jahon banki o'rtasidagi ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Jahon bankining O'zbekiston bilan 2022-2026 yillarga mo'ljallangan yangi hamkorlik dasturi ishlab chiqilayotgani ta'kidlandi.