Jahon banki O‘zbekistondan 12 mln dollarlik quyosh elektr energiyasini sotib oladi

Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi «O‘zbekistonda quyosh energetikasini kengaytirish-2» loyihasini amalga oshirish uchun 12 mln dollar miqdoridagi moliyalashtirishni ma’qulladi. Bu haqda bank matbuot xizmati ma'lum qildi.
Qayd etilishicha, loyiha orqali mamlakatda ekologik toza va qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish mumkin. Shuningdek, «yashil» iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha hukumat rejalarini amalga oshirish va energetika sohasida dekarbonizatsiyalash (karbonat angidrid gazi emissiyasini kamaytirish) jarayoniga hissa qo‘shadi.
2023-yilda taqdim etilayotgan «O‘zbekistonda quyosh energetikasini kengaytirish-2» loyihasi Navoiyda bajarilgan loyihaning muvaffaqiyatiga asoslanadi. Umumiy quvvati 440 MVt bo‘lgan quyosh elektrostansiyalarini ishga tushirish orqali energiya ishlab chiqarish hajmi oshiriladi. Jahon banki «O`zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatiga ikki hududda quriladigan obyekt uchun har biri uchun 6 mln dollargacha (umumiy summasi 12 mln dollargacha) bank kafolatlarini taqdim etadi.
O‘zbekistonda 2021-yilning may oyida Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumani va Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida har biri 220 MVt quvvatga ega ikkita yangi quyosh elektr stansiyasini davlat-xususiy sheriklik (DXSH) doirasida qurish bo‘yicha BAAning Masdar kompaniyasi tender g‘olibi bo‘lgan.
Eslatib o'tamiz, 2019-yilda O‘zbekiston Afrikadan tashqarida Jahon banki guruhining (JBG) «Quyosh energetikasini kengaytirish» dasturiga qo‘shilgan birinchi davlat bo‘ldi. Dastur doirasida Navoiy viloyatida 100 MVt quvvatga ega «O‘zbekistonda quyosh energetikasini kengaytirish-1» quyosh elektrostansiyasi ishga tushgan edi. O‘sha vaqtda Jahon banki ushbu stansiyada ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha majburiyatlarni bajarish uchun bank kafolatini taqdim etgan. Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) esa tenderni tashkil etish bo‘yicha maslahat xizmatlarini va loyihani amalga oshirishni moliyalashtirishni belgiladi.






