Jahon banki O'zbekistonga $143 million imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi

2022-yil 27-iyun sanasida Jahon bankinig ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonga 143 million dollarlik imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi.
Ushbu mablag‘lar mamlakat hukumati tomonidan jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirish loyihasini moliyalashtirish va qurilish sektorida “yashil” energiyaga investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha institutsional va normativ-huquqiy bazani ishlab chiqish uchun sarflanadi.
Imtiyozli moliyalashtirish O‘zbekiston hukumatiga Jahon banki guruhi tarkibiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) tomonidan past foiz stavkasi bo‘yicha 30 yil muddatga, shu jumladan besh yillik imtiyozli davr bilan taqdim etiladi.
O‘zbekistonda yakuniy energiya iste’molining 50%i binolar sektoriga to‘g‘ri keladi, ikkinchi o‘rinda sanoat (22%) va transport (20%) sohalari turadi. Tuman shifoxonalarida iste’mol qilinadigan umumiy energiyaning qariyb 70%i, maktabgacha ta’lim muassasalarida 84%i, qishloq vrachlik punktlarida 88%i va maktablarda 97%i binolarni isitish uchun sarflanadi.
Jahon bankining 2021-yilgi tadqiqoti aniqlashicha, maktabgacha taʼlim muassasalari, maktablar va sogʻliqni saqlash muassasalarida energiya samaradorligini oshirish orqali yiliga 7000 gigavatt-soatdan (GVt/soat) ortiq energiya tejalishi mumkin.
“Jahon banki tomonidan moliyalashtirilayotgan ushbu yangi loyiha butun mamlakat boʻylab jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirishga yordam beradi. Loyiha binolar sektorining oʻzgaruvchan iqlim sharoitlariga tayyorgarligini oshirish, energiya sarfini kamaytirish va atmosferaga issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartirishga yordam beradi”, — dedi Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.






