Jahon banki Oʻzbekistonga pensiya yoshini 65 yoshgacha oshirishni tavsiya qildi

Jahon banki Oʻzbekistonga pensiya yoshini oshirishni tavsiya qildi. Bu boradagi tavsiya hukumat soʻrovi bilan tayyorlangan hisobotdan oʻrin olgan.
Bankning hisobotida qayd etilishicha, Oʻzbekistondagi demografik oʻzgarishlar va qariyalar sonining koʻpayishi pensiya tizimiga bosim koʻrsatmoqda. Bu esa pensiya tizimini isloh qilishni taqozo etyapti.
“Oʻzbekistonda pensiya yoshi ayollar uchun 55, erkaklar uchun 60 yosh boʻlgan sobiq ittifoq mamlakatlari ichidagi yagona davlat hisoblanadi. 1990-yillardagi oʻtish davri islohotlari vaqtida koʻplab mamlakatlar pensiya yoshini 2-3 yilga oshirdi”, deyiladi hisobotda.
Jahon banki mutaxassislariga koʻra, 2025-yildan boshlab pensiya yoshini bosqichma-bosqich 65 yoshgacha oshirishni nazarda tutuvchi 2021-2030-yillarga moʻljallangan Milliy ijtimoiy himoya strategiyasi doirasida qaror qabul qilish eng yaxshi variant boʻladi. Kelgusida bu demografik oʻzgarishlar bosimini kamaytirib, mehnatga layoqatli va pensiya yoshi oʻrtasidagi chegarani asta-sekin oʻzgartiradi. Ishchi kuchining demografik oʻsish salohiyati tugagunga qadar (2040-yillarning oʻrtalarida) buni amalga oshirish uchun mamlakatda vaqt boʻlishi juda muhim, chunki bu milliy raqobatbardoshlik masalasidir.






