Jahon chempionatidagi tarixiy natija

Shu yilning 12-14- noyabr kunlari Toshkent shahri sambo bo'yicha kattalar o'rtasida jahon chempionatiga mezbonlik qildi. Chempionatda O'zbekiston sambo terma jamoasi a'zolari tarixda ilk marotaba umumjamoa hisobida 2-o'rinni egalladi.

Toshkent mezbonligidagi jahon birinchiligida sambochilarimiz 3 ta oltin, 5 ta kumush va 3 ta bronza medaliga sazovor bo'ldilar. 1- o'rinni Rossiya terma jamoasi egallagan bo'lsa, kuchli uchlikka Belarus sambochilari yakun yasadilar.

Jahon chempionatida Xalqaro sambo federatsiyasi prezidenti Vasiliy Shestakov, Rossiya Olimpiya qo'mitasi prezidenti Stanislav Pozdnyakov va boshqa martabali mehmonlar ishtirok etdilar. Ular ushbu uchrashuv davomida O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari - Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov qabulida bo'ldilar. Uchrashuvda shuningdek Milliy olimpiya raisi Rustam Shaabdurahmanov ham qatnashdi.

Vazirlik va MOQ mutasaddilari bilan bo'lib o'tgan uchrashuvda tomonlar hamkorlikni kuchaytirish, do'stona aloqalarni rivojlantirish borasida o'zaro fikr almashdilar.