Jahon siyosatida yana yangi mavzu…

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donetsk xalq respublikasi va Lugansk xalq respublikasi mustaqilligini tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Ammo mazkur farmon Yevrokomissiya va Yevropa kengashi tomonidan maqullanmadi.
Putin DXR va LXR mustaqilligining Rossiya tomonidan tan olinishi to‘g‘risida 21-fevral kuni Rossiya fuqarolariga qilgan telemurojaati vaqtida ma’lum qildi. Shuningdek, xabarlarga ko‘ra, ayni paytda Kremlda bo‘lib turgan DXR va LXR rahbarlari bilan birgalikda do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam shartnomalari imzolangan.
Ma’lumotlarga ko’ra, Yevrokomissiya va Yevropa kengashi rahbarlari Rossiya tomonidan DXR va LXR mustaqilligining tan olinishini xalqaro huquq me’yorlari hamda Ukraina hududiy yaxlitliginining buzilishi, deb baholagan.
Fransiya prezidenti Makron va Polsha bosh vaziri esa Yevropa Ittifoqini Rossiyaga nisbatan tegishli sanksiyalarni joriy etishga chaqirgan. Germaniya tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning DXR va LXR mustaqilligini tan olishini xalqaro huquqning qo‘pol ravishda buzilishi va barcha diplomatik sa’y-harakatlarga qarshi zarba, deb baholagan.
AQSh, Germaniya va Fransiya rahbarlari Rossiyaning DXR va LXR mustaqilligini tan olishini javobsiz qolmaslikka va’da berishganligi aytilmoqda.
Zelenskiy shu kecha videomurojaat bilan chiqdi. Unda «Rossiyaning xatti-harakatlaridan qat’i nazar» xalqaro miqyosda tan olingan Ukraina chegaralari «shundayligicha qolishini» qayd etdi. Shuningdek, u Rossiyaning bu xatti-harakatini Minsk kelishuvidan chiqish, deb baholadi. U mazkur masala yuzasidan Oq uy rahbari bilan suhbat o‘tkazgani aytilmoqda.
O‘z navbatida, AQSh Rossiyaning Donbassdagi mazkur ikki hudud mustaqilligini tan olishi u uchun kutilgan xabar ekanligini va bunga darhol javob qaytarishga tayyor ekanligini ma’lum qilgan. Bayden AQSh fuqarolariga DXR va LXR bilan savdo qilish, ularga investitsiya kiritish ular hududidagi moliyalashtirishni taqiqlovchi farmoyishni imzolaganligi xabar qilindi.
Britaniya DXR va LXR mustaqilligining Rossiya tomonidan tan olinishi munosabati bilan Rossiyaga qarshi qo‘llanadigan sanksiyalarni ko‘rib chiqmoqda.






