Jaloliddin Manguberdi el-yurt istiqloli yo‘lda jonini qurbon qilgan ajdodlarimizning buyuk namoyandasidir

29-avgust kuni Urganch shahrida Jaloliddin Manguberdi yodgorlik majmuasining tantanali ochilish marosimi bo‘ldi. Marosimga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurib, jamoatchilik vakillari bilan birgalikda haykalni ochdi.
Mamlakatimiz rahbari o‘z nutqida sarkardaning shaxsiyati, tarixda tutgan o‘rnini alohida e’tirof etdi.
“Jaloliddin Manguberdi el-yurt istiqloli uchun kurashgan, shu yo‘lda aziz jonini qurbon qilgan ajdodlarimizning buyuk namoyandasidir. Ona yurtga muhabbat va sadoqat, or-nomus va shon-sharaf bobida Jaloliddin Manguberdiga teng keladigan ulug‘ shaxslar dunyoda kamdan-kam uchraydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Haykalning joyi, ko‘rinishi va mazmuni tarixchi olimlar, san’atshunoslar va quruvchilar ishtirokida chuqur muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari uni qurilish mobaynida ham bir necha bor kelib ko‘rdi. Shu tariqa, bo‘yi 25 metrni tashkil etadigan mahobatli haykal barpo etildi. Unda Jaloliddin Manguberdi tulpor jilovini mahkam tutib, el-yurt himoyasiga otlanib turgani tasvirlangan. Sultonning qat’iyatli, mag‘rur siymosida kelajakka katta ishonch bilan intilayotgan xalqimizning vatanparvarligi, bukilmas irodasi o‘z ifodasini topgan.
Haykal oldida Jaloliddin Manguberdi bitiktoshining nusxasi o‘rnatildi. Eron hududidan topilgan, og‘irligi 32 kilogramm, balandligi 30 santimetr bo‘lgan bu toshda Qur’oni karim oyatlari, Jaloliddin Manguberdining shajarasi, yodgorlikning yaratilish tarixi yozilgan. Uning asli hozirgi kunda Londondagi mashhur Britaniya muzeyida saqlanadi. Bu ham buyuk ajdodimizning jahon tarixidagi beqiyos shuhratidan dalolat beradi.
Majmua o‘rin olgan qariyb 8 gektar maydonda, Al-Xorazmiy va Islom Karimov ko‘chalarida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Ushbu maydon ostidan o‘tadigan avtomobil tunneli barpo etildi.






