Janubiy Koreya Google’ni sudga berdi

Janubiy Koreya Google’dan mahalliy raqobatchisini siqib chiqarishga urinishlari uchun 32 million dollar jarima talab qilmoqda. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Qayd etilishicha, Janubiy Koreyaning Monopoliyaga qarshi kurash boshqarmasi suddan Google kompaniyasining platformada mobil video o‘yinlar chiqarilishini bloklagani va mahalliy raqobatchini siqib chiqarish maqsadida mobil ilovalar bozoridagi nufuzidan foydalangani uchun 42,1 milliard von (31,88 million dollar) miqdorida jarima toʻlashini talab qilmoqda.
“Bu xorijda oʻz salohiyatlarini oshirishga urinayotgan AQSh texnologiya kompaniyasi ustidan nazorat kuchayib borayotganining belgisidir”, deyiladi xabarda.
Ayni vaqtda Koreya mobil ilovalar bozorining qariyb to'rtdan uch qismini nazorat qiluvchi Google o'z ilovalarini faqatgina “Google Play”ga joylashtirgan dasturchilar uchun imtiyozlar taklif qilish ortidan manfaat koʻzlaganini inkor etmoqda.
Daʼvogarning taʼkidlashicha, Google 2016-yil iyun oyida, Koreyada “One Store” raqobatchisi oʻz faoliyatini boshlaganida shartli imtiyozlarni joriy qilgan va 2018-yilning apreligacha davom ettirgan. Bu esa “One Store” ning yangi oʻyinlarni jalb qilishiga toʻsqinlik qilgan hamda sotuvlar pasayishiga olib kelgan.
Ma’lumot uchun, Google so'nggi oylarda AQShdan tashqari Hindiston va Buyuk Britaniyada ham turli xil monopoliyaga qarshi ayblovlarga uchramoqda.






