Jeet kun do endi Toshkentda

Jahonda jang san’atining 100 dan ortiq turlari ma’lum. Ular orasida Jeet kun do alohida o'rinni egallaydi.
Xitoy tilidan tarjima qilinganda, bu "oldindan mushtlash usuli" degan ma'noni anglatadi. Afsonaviy Bryus Li Jeet kun do ni "usul" deb atagan. Uning falsafasiga ko'ra, Jeet kun do har qanday jang san'atida, shuningdek, o'zini himoya qilish amaliyotida qo'llanilishi mumkin.
“Oson yo'l - to'g'ri yo'l. Jangda go'zallikka ahamiyat berilmaydi. Asosiysi, ishonch, malakali mahorat va aniq hisoblash. Shuning uchun, Jeet kun do usulida men "eng kuchlining omon qolishi" tamoyilini aks ettirishga harakat qildim. Kamroq bo'sh harakatlar va energiya maqsadga erishishda eng asosiysi” - Bryus Li o'zining rafiqasi Linda Lining "Faqat men bilgan odam" kitobida aytib o’tgan.
Bu usul dastlab ko'cha jangida o'zini muvaffaqiyatli himoya qilish uchun mo'ljallangan edi. Jeet kun do texnikasi jang san'atining ko'plab uslublarini - Ushu, Jiu-Jitsu, Taekvondo, shuningdek, ingliz va filippin bokslarini qamrab oladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, joriy yilning 18-20 fevral kunlari Toshkent shahrida Jeet kun do bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tadi.
Sport musobaqalari O‘zbekiston Jeet kun do federatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi ko‘magida tashkil etiladi.






