Jenevada JSTning 12-Vazirlar konferensiyasi oʼz ishini boshladi

Joriy yilning 12-15-iyun kunlari Jenevada (Shvetsariya) Jahon savdo tashkiloti (JST) oliy boshqaruv organining yigʼilishi - JSTning 12-Vazirlar konferentsiyasi boʼlib oʼtmoqda. Tadbirda JSTga aʼzo mamlakatlar va kuzatuvchi davlatlar savdo vazirlari hamda xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etmoqda.
Shu yilning 12-iyun kuni dastur doirasida ochilish marosimi va yalpi majlis boʼlib oʼtdi. Ushbu tadbirlarda koʼp tomonlama savdo tizimining dolzarb masalalari, shu jumladan koronavirus pandemiyasi oqibatlariga qarshi kurashish, turli xil COVID-19 shtammlariga qarshi vaksinalar ishlab chiqarishda Intellektual mulk huquqlarining savdo bilan bogʼliq jihatlari toʼgʼrisidagi bitim qoidalari (IMHSJ)ni qoʼllashdan voz kechish, qishloq xoʼjaligini rivojlantirish, baliqchilik subsidiyalarini optimallashtirish, JST faoliyatini isloh qilish va boshqa masalalar muhokama qilindi.
Vazirlar konferensiyasidagi onlayn nutqida Bosh vazir oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov JSTning koronavirus pandemiyasi oqibatlariga qarshi kurashish, oziq-ovqat inqirozini hal qilish, qishloq xoʼjaligini rivojlantirish va koʼp tomonlama savdo tizimini mustahkamlashdagi muhim rolini taʼkidladi.
2022-2026-yillarga moʼljallangan Yangi Oʼzbekistonning taraqqiyot Strategiyasi doirasida Oʼzbekiston tashqi iqtisodiy siyosatining asosiy yoʼnalishlaridan biri sifatida JSTga aʼzo boʼlishining mutlaq ustuvorligi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, Oʼzbekistonning JSTga aʼzo boʼlish jarayonini, jumladan, joriy yilning 21-22-iyun kunlari boʼlib oʼtadigan Tashkilot ishchi guruhining 5-yigʼilishida faol ilgari surishga tayyorlik bildirildi.
Shuningdek, Vazirlar konferensiyasi doirasida Oʼzbekiston raisligida JSTga kirayotgan mamlakatlar norasmiy guruhining (IGAG) delegatsiyalari rahbarlari - vazirlar darajasidagi navbatdagi yigʼilishi boʼlib oʼtdi.






