«Jeyms Uebb» teleskopi Mars sayyorasining ilk suratlarini taqdim etdi

“Jeyms Uebb” teleskopi Mars sayyorasini ilk marta suratga oldi va uni olimlarga taqdim etdi. Yevropa kosmik agentligining maʼlum qilishicha, kosmik qurilma Marsni joriy yilning 5-sentabr sanasida infraqizil diapazonli kamera va spektrograf yordamida tadqiq qilgan.

Qayd etilishicha, Olimlar Mars atmosferasiga oid muhim spektroskopik maʼlumotlarni jamlagan holda sayyoraning sharqiy yarimsharini oʻrganish imkoniyatiga ega boʻldilar. Mutaxassislar undan karbonad angidrid gazi, suv va uglerod oksidi izlarini topishgan. Bu olimlar uchun yangilik emas ammo, yangi suratlar “Uebb”ning turli sayyoralar atmosferasi tarkibiga oid muhim va aniq maʼlumotlarni taqdim eta olishini yana bir karra isbotladi.

“Marsning “Uebb” tomonidan ilk marta tadqiq etilishi sayyoralar yuzasining turli hududlarini, jumladan uning atmosferasini NIRSpec qurilmasi yordamida oʻrganishimiz mumkinligini yaqqol koʻrsatib berdi. Shu va boshqa missiyalar tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarga tayangan holda teleskop yordamida Marsdagi suv tarixini oʻrgana olamiz”, -deydi Jeyms Uebb loyihasi ishtirokchisi Kris Evans.