JIDUda Oʻzbekiston-Janubiy Koreya oʻrtasida diplomatik munosabatlarning 30 yilligiga bagʻishlangan seminar oʻtkazildi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan “Diplomatik munosabatlarning 30 yilligi va kelgusidagi hamkorlik istiqbollari” mavzusida seminar tashkil etildi.

Tadbirda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Choy Yong Sam boshchiligidagi delegatsiya a’zolari, koreys tilini ikkinchi til sifatida o‘rganayotgan doktorant va bakalavriat talabalari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev o‘z nutqida O‘zbekiston yaqin do‘st va vaqt sinovidan o‘tgan sherik sifatida Koreya Respublikasi bilan izchil va ishonchli munosabatlarni yuksak qadrlashini ta’kidladi. – Oliy darajada parlamentlar, hukumatlar, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida yaqin siyosiy muloqot o‘rnatildi, – dedi S.Safoyev.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992-yil yanvar oyida o‘rnatilgan.

So‘ngra Koreya delegatsiyasi va JIDU talabalari o‘rtasida qisqacha fikr almashildi. Seminar bilan bir vaqtda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti va Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasi o‘rtasida ikki tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik bo‘yicha aniq qadamlarni ishlab chiqish uchun yaqin vaqt ichida qo‘shimcha uchrashuv tashkil etish zarurligi haqida kelishib oldilar.